Rossiya Federatsiyasi 2027-yildan e’tiboran chet ellik fuqarolarni mehnat faoliyatiga jalb etish bo‘yicha amaldagi qoidalarni keskin o‘zgartirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Rossiya OAVlari Ichki ishlar vazirligining 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan migratsiya siyosatini amalga oshirish rejasi loyihasiga tayanib xabar berdi.
Yangilanayotgan tartibga ko‘ra, migrantlarning mustaqil ravishda Rossiyaga kelishi va ish qidirishi tartibi bekor qilinishi mumkin. Uning o‘rniga tashkiliy (uyushgan) yollash tizimi joriy etiladi.
Yangi tizimning asosiy talablari quyidagilardan iborat:
- Chet ellik ishchilar Rossiyaga faqat ish beruvchining rasmiy taklifi bilan kirishi mumkin bo‘ladi.
- Kelishidan oldin ular o‘z mamlakatida to‘liq tekshiruvlardan o‘tishi shart bo‘ladi.
- Rossiyaga kirgach, migrant mustaqil ravishda ish izlash o‘rniga bevosita taklifnoma asosidagi ish joyiga biriktiriladi.
Mazkur yondashuv Rossiyada ichki demografik o‘sishni qo‘llab-quvvatlash va chet ellik ishchi kuchidan faqat aniq ehtiyoj bo‘lgan taqdirda foydalanish siyosatining bir qismi sifatida izohlanmoqda. Yangi tizimning qamrovi hozircha aniq belgilanmagan, ammo mutasaddi vazirlik migrantlar oqimining muhim qismi bosqichma-bosqich ushbu mexanizmga o‘tishini istisno qilmayapti.
Ish beruvchilar xorijiy ishchilarga bo‘lgan ehtiyoj bo‘yicha oldindan ro‘yxat tuzadilar va uni davlat organlariga taqdim etadilar. Tekshiruvlardan o‘tgan migrantlar taklifnoma asosida kelib, o‘sha zahoti belgilangan ish beruvchiga biriktiriladi.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, bu mexanizm yirik korxonalar uchun qulay bo‘lishi mumkin. Biroq kichik va o‘rta biznes uchun moslashuvchanlikning kamayishi, rejalar va kvotalarga qattiq bog‘liqlik sababli muayyan qiyinchiliklar yuzaga kelishi ehtimoli bor.
Shu tariqa, Rossiya migratsiya siyosati yanada qat’iy va davlat tomonidan markazlashtirilgan tartibga o‘tayotgani qayd etilmoqda. Yangi tizimning mehnat bozori va migrantlar hayotiga qanday ta’sir ko‘rsatishi 2027-yillarda ma’lum bo‘ladi.


