Rossiya AQSHning Qora dengiz ustida urib tushirilgan MQ-9 Reaper droni qoldiqlarining bir qismini qo‘lga kiritdi. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib CNN xabar berdi.
O‘z navbatida Oq uyning strategik kommunikatsiyalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi Vashington Moskva uchun uchuvchisiz qurilmadan razvedka maqsadlarida foydalanishini imkonsiz qilib qo‘yganini aytgan.
14 mart kuni AQSHning MQ-9 Reaper droni Qora dengizda quladi. Amerika harbiylari Rossiyaning Su-27 qiruvchi samolyoti manyovri tufayli qurilma halokatga uchraganini aytishgan. Moskva esa dron havo hududi rejimini buzganini taʼkidlagan.
Voqeadan keyin AQSH va RF mudofaa vazirlari, shuningdek, shtab boshliqlari telefon muloqotini o‘tkazdi.


