Rossiya Fanlar akademiyasi Sibir daryolarining bir qismini Markaziy Osiyoga yo‘naltirish imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha zamonaviy loyihaning ilmiy asoslarini tadqiq etishni rejalashtirmoqda. Mazkur konsepsiya Ob daryosidan O‘zbekistonga yopiq suv quvuri qurilishini nazarda tutadi.
RBK xabariga ko‘ra, akademiyaning Yer fanlari bo‘limi Ilmiy kengashi oktabr oyida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ushbu yo‘nalishni rasmiy tadqiqot rejasiga kiritish va loyiha bo‘yicha ilmiy moliyalashtirishni Fan va oliy ta’lim vazirligiga tavsiya etish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, quvur liniyalarini qurish qiymati 100 milliard dollardan oshishi, asosiy infratuzilmani barpo etish esa kamida 10 yil davom etishi mumkin. Joriy kontseptsiya 1970–1980-yillardagi ochiq kanal loyihasidan farqli ravishda, uzunligi 2000 kilometrdan oshadigan, yillik 5,5 milliard kub metrgacha suv yetkazib berishga qodir bo‘lgan, keyinchalik kengaytirish imkoniga ega yettita yirik quvur tizimini o‘z ichiga oladi.
Olimlar loyihaning ekologik, gidrologik va ijtimoiy-iqtisodiy ta’sirlarini chuqur o‘rganishni rejalashtirmoqda. Xususan, havzalararo suv o‘tkazmalarining ekotizimlarga ta’siri, mintaqa davlatlari uchun strategik ahamiyati va suv taqchilligini yumshatishdagi o‘rni baholanadi.
Markaziy Osiyoda suv va energiya yetishmovchiligi kuchayib borayotgani, cho‘llanish jarayoni tezlashayotgani, qishloq xo‘jaligi uchun suv ta’minotining yomonlashayotgani ta’kidlangan. Rossiya Fanlar akademiyasiga ko‘ra, Sibir daryosi oqimining yiliga 20–70 kub kilometrgacha bo‘lgan kichik qismidan foydalanish nazariy jihatdan mintaqadagi suv tanqisligini kamaytirishga yordam berishi, hatto ayrim iqlim jarayonlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Ma’lumot uchun, SSSR davrida shunga o‘xshash loyiha qariyb 20 yil davomida ishlab chiqilib, 1986-yilda rasman to‘xtatilgan edi. Mustaqillik yillarida ham ushbu mavzu vaqti-vaqti bilan muhokama qilinib keladi. Mutaxassislarning fikricha, loyiha mintaqa uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin, biroq ayrim ekspertlar avvalo mavjud suv resurslaridan oqilona foydalanish samaradorligini oshirish zarurligini ta’kidlamoqda.


