Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin Xitoy va Saudiya Arabistoni fuqarolarining Rossiya hududiga vizasiz kirish va chiqish tartibini belgilovchi farmonni imzoladi. Mazkur hujjat huquqiy axborot portalida e’lon qilingan deydi Oxu.az nashri.
Farmonga muvofiq, Xitoy fuqarolari 2026-yil 14-sentabrga qadar Rossiya Federatsiyasiga vizasiz tartibda kirishi, mamlakat hududida 30 kungacha mehmon, xizmat safari yoki turistik maqsadlarda bo‘lishi, shuningdek ilmiy, madaniy, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va sport tadbirlarida qatnashishi mumkin. Shu bilan birga, Xitoy fuqarolari Rossiya hududidan tranzit tariqasida o‘tish huquqiga ham ega bo‘ladi.
Farmonda ushbu tartiblar o‘zaro munosabatlar prinsipiga asoslanganligi qayd etilgan. Biroq vizasiz tartib Xitoy fuqarolarining Rossiyaga tadbirkorlik, jurnalistik faoliyat, o‘qish, doimiy istiqomat, xalqaro avtomobil tashuvlari yoki ushbu transport vositalariga tarjimon sifatida hamrohlik qilish maqsadida kirishlariga nisbatan qo‘llanilmaydi. Farmon imzolangan kundan kuchga kirgan.
Ma’lumot uchun, sentabr oyida Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Rossiya fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz rejim joriy etilishini ma’lum qilgan edi. Ushbu tartib 15-sentabrdan sinov tariqasida qo‘llanila boshlandi. Rossiyadan birinchi sayyohlar o‘sha kunning o‘zida Xitoyga vizasiz kirishgan.
Shuningdek, TAAS axborotiga ko‘ra, Rossiya va Saudiya Arabistoni hukumatlari ikki davlat fuqarolarining barcha turdagi pasportlari uchun vizasiz rejimni joriy etish bo‘yicha hukumatlararo bitim imzolagan.


