AQSH administratsiyasining norasmiy bahosiga ko‘ra, Rossiya Ukrainada 75 ming askar yo‘qotgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda The New York Times xabar berdi.
Prezident maʼmuriyati Kongressga shunday maʼlumot taqdim etgan. Nomi sir qolishini istagan kongressmenning so‘zlariga ko‘ra, Davlat departamenti, mudofaa vazirligi, Shtab boshliqlari qo‘mitasi va razvedka bu bo‘yicha qo‘shma maʼlumotnoma tayyorlagan.
"Jangovar harakatlar boshlanganidan buyon Rossiya va Ukraina bir-biridan yo‘qotishlar haqidagi maʼlumotlarni yashirib, butun dunyoni shubhali taxminlar qilishga majburlab keladi. Har ikki tomon ham bu raqamlarning pasaytirib ko‘rsatilishidan manfaatdor: Rossiyaga bu ichki auditoriyaga muvaffaqiyatlar haqida gapirish uchun kerak, Ukraina uchun esa bu jangovar ruhni saqlab qolish imkonini beradi", — deyiladi xabarda.
Avvalroq AQSH davlat departamenti Rossiyaning Kiyev bilan muzokaralar o‘tkazishga tayyor emasligini maʼlum qilgandi.


