Rossiya AQShga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni tiklash taklifini berdi. Rossiya diplomatik vakillari 27-fevral kuni Istanbulda o‘tkazilgan muzokaralar chog‘ida AQSh delegatsiyasiga ushbu tashabbusni ilgari surdi.
Ma’lumki, AQSh 2022-yilda Ukrainadagi harbiy harakatlar boshlangandan keyin Rossiya samolyotlari uchun o‘z havo hududini yopgan edi. Shuningdek, Yevropa Ittifoqi ham xuddi shunday cheklovlarni joriy qilgan. Rossiya bunga javoban 36 mamlakat samolyotlariga maxsus ruxsatlarsiz o‘z havo hududidan foydalanishni taqiqlagan edi.
Muzokaralar davomida tomonlar aviaqatnovlardan tashqari diplomatik vakolatxonalarni moliyalashtirish va diplomatlar faoliyatini muhokama qildi. “Muzokaralar mazmunli va ishchan ruhda o‘tdi. Ushbu yo‘nalishda muloqotni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi”, — deyiladi Rossiya Tashqi ishlar vazirligining bayonotida.
Mazkur muzokaralar fonida Rossiyaning “Aeroflot” aviakompaniyasi aksiyalari 3,13 foizga oshib, 73,75 rublga yetdi. Avvalroq kompaniya aksiyalari biroz pasayish kuzatgan edi.
So‘nggi yillarda AQSh va Rossiya o‘rtasidagi diplomatik aloqalar keskinlashgan bo‘lsa-da, 18 va 27-fevral kunlari o‘tgan muzokaralar ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni yaxshilashga qaratilgan dastlabki qadam sifatida baholanmoqda. 18-fevral kuni Ar-Riyodda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki davlat diplomatik vakolatxonalari sonini tiklash va Ukraina mojarosini tartibga solish bo‘yicha ishchi guruh tuzishga kelishib olgan edi.
Istanbulda o‘tgan muzokaralar esa ekspertlar darajasida davom etdi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakilining ta’kidlashicha, Rossiya Shimoliy Atlantika departamenti direktori Aleksandr Darchiyev va AQSh Davlat departamentining Yevroosiyo bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari Sonata Coulter muzokaralarni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Kelgusi uchrashuv sanasi hali e’lon qilinmagan.


