Rossiya va O‘zbekiston bosh vazirlari Moskvada muzokara o‘tkazadi

Tomonlar keng ko‘lamli masalalar, jumladan, gaz sohasida hamkorlikni muhokama qiladi.

Rossiya va O‘zbekiston bosh vazirlari Moskvada muzokara o‘tkazadi

 

Bugun, yaʼni 18 sentyabr kuni Moskvada Rossiya va O‘zbekiston bosh vazirlari Mixail Mishustin va Abdulla Aripov ikki davlat hukumat rahbarlari darajasidagi qo‘shma komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazadi. Bosh vazirlar savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni, shuningdek, sanoat, energetika va qishloq xo‘jaligi sohalarida o‘zaro hamkorlikni faollashtirish masalalarini muhokama etishi kutilmoqda.

 

"Sanoat, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi, fan va taʼlim sohalaridagi hamda tomonlarni qiziqtirgan boshqa sohalardagi hamkorlikni faollashtirishga alohida eʼtibor qaratiladi", — deyilgan Rossiya hukumati xabarida.

 

Qo‘shimcha qilinishicha, Toshkent va Moskva 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan hukumatlararo iqtisodiy hamkorlik kompleks dasturini amalga oshiryapti. Energetika ikki tomonlama hamkorlikning asosi bo‘ladi.

 

Xabarda Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi gaz sohasida hamkorlikni kengaytirish Markaziy Osiyoning energetik xavfsizligini taʼminlovchi mamlakatlarning ham milliy, ham mintaqaviy manfaatlariga javob berishi aytilgan.

 

Bo‘lajak yig‘ilish materiallarida ko‘rsatilishicha, 2022 yil yakuniga ko‘ra Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 8,7 milliard dollarga yetgan va 2021 yilga nisbatan 26 foizga oshgan. Joriy yilning yanvar-iyul oylarida bu ko‘rsatkich 14 foizdan ortiq o‘sib, 5,2 milliard dollarni tashkil etdi.

 

Rossiya tomonining fikricha, "jahon iqtisodiyotidagi notinchlik sharoitida Rossiya va O‘zbekiston savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy aloqalari jadal rivojlanmoqda".

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика