Rossiya 2023 yilda boshqa mamlakatlar talabalari uchun 30 ming kvota ajratadi. Bu haqda Rossiya taʼlim va fan vaziri Valeriy Falkov maʼlum qildi.
Valeriy Falkovning so‘zlariga ko‘ra, 2020 yilda xorijliklar uchun atigi 15 ming kvota bo‘lgan. Bu safar mamlakatga xorijlik talabalarning katta oqimi kelishi kutilmoqda.
“Biz juda umid qilamiz, hattoki xorijliklarni qabul qilish ko‘rsatkichlari ham o‘tgan yilgi darajada yoki undan yuqori bo‘lishiga aminmiz”, — dedi Falkov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, xorijlik talabalar Rossiyaga eng ko‘p Qozog‘iston, Tojikiston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Belarus, Misr va Xitoydan keladi.
Rossiya oliy o‘quv yurtlarida 2023-2024 o‘quv yilida 626 mingdan ortiq davlat tomonidan moliyalashtiriladigan o‘rinlar bo‘ladi. Ulardan qariyb 447 ming nafari kadrlar tayyorlashning ustuvor yo‘nalishlariga to‘g‘ri keladi.
Bundan tashqari, vazirning taʼkidlashicha, Rossiyaning 1000 dan ortiq oliy o‘quv yurtlari va ularning filiallari, jumladan, xususiy muassasalar universitetlarga onlayn qabul qilish xizmatiga ulangan.


