The Economist nashrining soʻnggi tahliliga koʻra, Rossiya zaxirada 500 ta ballistik raketaga ega. Bu holat Ukrainadagi urush fonida jiddiy xavotir uygʻotmoqda. Nashrning yozishicha, Ukraina bu raketalarni tutib qolish uchun zarur vositalar taqchilligiga duch kelmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bitta ballistik raketani yo‘q qilish uchun kamida ikki dona PAC-3 zenit-raketa tizimining raketasi kerak bo‘ladi. Ammo hozirda bu raketalardan yiliga atigi 650 tasi ishlab chiqariladi. Bu esa Ukraina uchun yetarli emas.
Ukraina hukumati Patriot zenit-raketa tizimlarini har qanday narxda sotib olishga tayyorligini bildirib kelmoqda. Biroq The Economist'ga koʻra, AQSh tomonidan koʻrsatilayotgan harbiy yordam ustuvorligi asta-sekin pasaymoqda. Bundan tashqari, AQSh prezidenti Donald Trampning oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan siyosiy pozitsiyasi bu masalani yanada noaniq holatga keltirmoqda.
Germaniyada PAC-3 raketalarini ishlab chiqarish 2026-yil oxirigacha boshlanishi rejalashtirilgan, ammo bu vaqtgacha Ukraina o‘zini qanday himoya qilishini aniqlashtirish muhim muammo boʻlib qolmoqda. Ukraina ichki ishlab chiqarish borasida ham hozircha katta salohiyatga ega emas.


