2026-yil 1-sentabrdan boshlab Rossiyadagi yana 11 ta oliy ta’lim muassasasi yangi oliy ta’lim tizimi bo‘yicha faoliyat boshlaydi. Bu haqda “Rossiyskaya gazeta” Davlat dumasi deputati Kseniya Goryachevaga tayanib xabar berdi.
Yangi modelga ko‘ra, bakalavriat va magistratura bosqichlari bekor qilinib, ularning o‘rniga asosiy va ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim darajalari joriy etiladi. Asosiy darajada o‘qish muddati tanlangan mutaxassislikka qarab 4 yildan 6 yilgacha, ixtisoslashtirilgan ta’lim esa 1 yildan 3 yilgacha davom etadi. Aspirantura esa kasbiy ta’limning alohida bosqichi sifatida saqlab qolinadi.
Deputatning ta’kidlashicha, muhim yangiliklardan biri bepul ta’lim imkoniyatlarining kengaytirilishi hisoblanadi. Endilikda ixtisoslashtirilgan ta’lim dasturlarini tugatgan bitiruvchilar davlat granti asosidagi ixtisoslashtirilgan o‘rinlarga hujjat topshirish huquqiga ega bo‘ladi. Avval bu imkoniyat sezilarli darajada cheklangan edi.
Yangi tizimga o‘tish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Boloniya ta’lim modelidan voz kechish masalasi 2022-yilda muhokamaga qo‘yilgan bo‘lib, shundan so‘ng islohotlar rejasi ishlab chiqilgan. Mazkur modelning sinov bosqichi oltita universitetda yakunlangan va endilikda tajribani kengaytirish rejalashtirilmoqda.
Yangi ta’lim tizimi, ayniqsa, muhandislik, texnika va fan talab qiladigan sohalar uchun muhim ekani qayd etildi. Amaldagi talabalar o‘qishni avval tanlagan dasturlari asosida yakunlaydi. O‘zgarishlar 2026–2027 o‘quv yilidan boshlab yangi abituriyentlarga tatbiq etiladi.


