1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jahon

Rossiyada harbiy ro‘yxatdan o‘tmagan migrantlarning farzandlari fuqarolikdan mahrum etiladi

Fuqarolikdan mahrum qilingan shaxs uch yildan so‘ng fuqarolikni qayta olish uchun murojaat qilishi mumkin.

Rossiyada harbiy ro‘yxatdan o‘tmagan migrantlarning farzandlari fuqarolikdan mahrum etiladi

 

Rossiya fuqaroligini bekor qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasining yangilangan tahririda harbiy xizmatga ro‘yxatdan o‘tishdan bosh tortgan chet el fuqarolarining farzandlariga nisbatan ham fuqarolikni bekor qilish imkoniyati nazarda tutilmoqda. Bu haqda Vedomosti nashri qonun loyihasiga tayanib xabar berdi.

 

Hujjatga ko‘ra, agar bola Rossiya fuqaroligini ota-onasining xohishi asosida olgan bo‘lsa, fuqarolik bekor qilinishi mumkin. Shu bilan birga, tug‘ilish orqali fuqarolik olgan bolalar, shuningdek, ota-onalardan biri Rossiya fuqarosi bo‘lgan holatlarda bu norma qo‘llanilmaydi.

 

Mazkur o‘zgartirishlar Davlat Dumasining Mudofaa qo‘mitasi raisi Andrey Kartapolov, Xavfsizlik qo‘mitasi raisi Vasiliy Piskaryov va boshqa deputatlar tomonidan ishlab chiqilgan.

 

Qonun loyihasida harbiy ro‘yxatdan o‘tish talablarini bajarmagani uchun Rossiya fuqaroligidan mahrum qilingan shaxs uch yildan so‘ng fuqarolikni qayta olish uchun murojaat qilishi mumkinligi belgilangan. Shu bilan birga, prezident gumanitar maqsadlarda ayrim toifadagi chet elliklar uchun ushbu muddatni qisqartirish huquqiga ega bo‘ladi.

 

Yangi fuqarolar Rossiya fuqaroligini olganidan keyin ikki hafta ichida harbiy ro‘yxatga olish va chaqiruv bo‘limiga shaxsan murojaat qilishi yoki bir hafta ichida “Gosuslugi” portali orqali ariza topshirishi shart bo‘ladi. Talablar bajarilmagan taqdirda, maxsus komissiya xulosa chiqaradi va Ichki ishlar vazirligi 30 kun ichida fuqarolikni bekor qilish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qiladi.

 

Eslatib o‘tamiz, 2024-yil 8-avgust kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin harbiy xizmatga ro‘yxatdan o‘tishdan bosh tortgan shaxslarni Rossiya fuqaroligidan mahrum etish to‘g‘risidagi qonunni imzolagan edi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика