Rossiya hukumati xorijliklarga berilgan fuqarolikni harbiy burchdan bo‘yin tovlagan taqdirda bekor qilish imkonini beruvchi qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladi.
TASS agentligining xabariga ko‘ra, “Yagona Rossiya” partiyasi deputatlari tomonidan ishlab chiqilgan hujjat “Fuqarolik to‘g‘risida”gi hamda “Harbiy burch va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutadi.
Loyihaga muvofiq, Rossiya fuqaroligini qabul qilgan shaxs ikki hafta muddatda harbiy komissarlikka murojaat qilishi yoki bir hafta ichida “Gosuslugi” portali orqali ariza topshirishi shart. Mazkur talab bajarilmagan taqdirda, ichki ishlar organlari tomonidan fuqarolikni bekor qilish masalasi ko‘rib chiqiladi. Biroq shaxs 30 kun ichida komissariatga murojaat qilsa, qaror bekor qilinadi.
Qonun loyihasiga ko‘ra, fuqarolikdan mahrum etish qarori ba’zi hollarda shaxsning oilasiga ham tatbiq etilishi mumkin. Shu bilan birga, ikkinchi ota-ona Rossiya fuqarosi bo‘lsa yoki bola bolalar uyiga joylashtirilgan bo‘lsa, istisno qo‘llanadi.
Shuningdek, harbiy xizmatchilar, davlat mukofotlari sohiblari hamda davlat sirlaridan xabardor shaxslar va ularning oila a’zolari uchun fuqarolik saqlab qolinishi belgilangan. Fuqarolikdan mahrum etilgan shaxs uni qayta tiklash uchun kamida uch yil kutishi kerak bo‘ladi.
Rossiya hukumati mazkur loyihani qo‘llab-quvvatladi, biroq uni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha takliflar bildirildi.


