Rossiyada Lugansk viloyatida boshlangan hujumni rivojlantirish va sezilarli muvaffaqiyatlarga erishish uchun yetarli zaxiralar yo‘q. Bu haqda Amerika urushni o‘rganish instituti (ISW) ekspertlari maʼlum qildi.
G‘arbiy harbiy okrug bo‘linmalari tarkibini o‘rgangan tahlilchilar ularning ayrimlarida tank qismlari yo‘qligiga eʼtibor qaratgan. Bu Rossiyada yo‘qotilgan bronetexnika o‘rnini to‘ldirishda qiyinchiliklar borligini ko‘rsatadi.
“Rossiya kuchlarida katta ehtimol bilan zaxirada bir qancha qayta tiklangan mexanizatsiya qismlari bor, ammo ushbu cheklangan rezervlarni Luganskdagi frontga yuborish hujum tempini o‘zgartira olmaydi”, – deyiladi hisobotda.
Ekspertlarning fikricha, bu rezervlarni jangga kiritish cheklangan o‘zgarishlarga olib keladi, ammo belgilangan strategik maqsadlarga erishish uchun yetarli emas.
ISW taxminiga ko‘ra, RF Ukraina mojarosi davomida 16 ta tank polkini yo‘qotgan. Hozirda zirhli texnikani taʼmirlash va yangilarini ishlab chiqarishga quvvatlar yetishmayapti. Bu o‘z navbatida Rossiya quruqlik qo‘shinlarini zarbdor kuchlardan mahrum etmoqda.


