Rossiya Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodin migrantlar uchun bank hisoblari sonini cheklash bo‘yicha tashabbusni qo‘llab-quvvatladi va ushbu takliflarni hukumat hamda tegishli qo‘mitalar bilan birgalikda ishlab chiqishni buyurdi. Bu haqda Ria novosti nashri xabar berdi.
Masala Davlat Dumasining yalpi majlisida muhokama qilindi. Unda Xavfsizlik va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Andrey Lugovoy migrantlar ishtirokidagi noqonuniy pul o‘tkazmalariga qarshi qaratilgan bir qator choralarni ilgari surdi. Xususan, har bir migrant uchun bank hisoblari sonini cheklash, yaʼni “bitta migrant — bitta bank” tamoyilini joriy etish taklif qilindi.
Shuningdek, migrantlar uchun bank hisoblarini faqat xalqaro pasport asosida ochish, shaxsiy identifikatsiya raqamlarini (IIN) bank hisoblariga bog‘lash va noqonuniy “dropper” sxemalariga yordam bergan bank xodimlari uchun jinoiy javobgarlik belgilash masalalari ko‘tarildi.
Vyacheslav Volodin taqdim etilgan takliflar yetarlicha tuzilganini taʼkidlab, ularni fraksiyalararo ishchi guruh doirasida qo‘llab-quvvatlash, huquqiy jihatdan ishlab chiqish va imkon qadar tezroq qonun loyihalari sifatida rasmiylashtirish zarurligini bildirdi.
Mazkur tashabbuslar migrantlar ishtirokidagi moliyaviy qonunbuzarliklarning oldini olish va bank tizimida shaffoflikni kuchaytirishga qaratilgan.


