Rossiyaning Vladimir shahrida bo‘lib o‘tgan sud jarayonida O‘zbekiston fuqarosi — taksi haydovchisiga hukm o‘qildi. Leninskiy tuman sudi uni ikki o‘smirning o‘limiga sabab bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi uchun aybdor deb topib, umumiy tartibdagi koloniyada 9 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinladi. Shuningdek, haydovchi 2,5 yil muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilindi.
Tergov organlarining ma’lum qilishicha, voqea 2025-yil 27-aprelga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan. Hyundai Solaris avtomobilini boshqarayotgan haydovchi tezlikni me’yordan oshirib, tartibga solinmagan piyodalar yo‘lagida 18 yoshli yigit va 17 yoshli qizni urib yuborgan. Qiz hodisa joyida halok bo‘lgan, yigit esa bir necha kundan keyin shifoxonada vafot etgan.
Sud materiallariga ko‘ra, haydovchi Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 264-moddasi 6-qismi "b" bandi (ehtiyotsizlik oqibatida ikki kishining o‘limiga sabab bo‘lgan YTH) bo‘yicha javobgarlikka tortildi. Ayblanuvchi jinoyatni tan olgan. Hukm hali qonuniy kuchga kirmagan bo‘lib, yuqori instansiya sudida ko‘rib chiqilishi mumkin.


