Rossiya Federatsiyasining Tambov viloyati sudi Lipetskdagi qattiq tartibli jazoni ijro etish koloniyasidan qochgan O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan hukm chiqardi.
Sud ma’lumotiga ko‘ra, mazkur shaxs hibsga olish jarayonida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimiga faol qarshilik ko‘rsatib, unga jismoniy jarohat yetkazgan. Natijada politsiya xodimining qo‘li singan. Mazkur harakatlar Rossiya Jinoyat kodeksining 318-moddasi 2-qismi — mansabdor shaxsga xizmat faoliyati chog‘ida zo‘ravonlik ishlatish sifatida baholandi.
Shundan kelib chiqib, sud ayblanuvchini aybdor deb topdi va uni 10 yil muddatga qattiq tartibli koloniyada ozodlikdan mahrum etish haqida qaror chiqardi.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil oktabr oyida Lipetsk viloyatidagi 2-sonli koloniyadan Markaziy Osiyodan bo‘lgan 7 kishi qochib ketgan edi. Ularning to‘rt nafari o‘zbekistonlik bo‘lib, keyinchalik Tambov viloyatida qo‘lga olingan.


