Rossiyada ishlash jarayonida moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan, turar joysiz qolgan, tazyiq yoki zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan, shuningdek, majburiy mehnatga majburlangan O‘zbekiston fuqarolariga moddiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Migratsiya agentligining Rossiyadagi vakolatxonasi Moskva shahri va Moskva viloyatidagi 15 ga yaqin hostel hamda sutkalik mehmonxonalar bilan hamkorlik shartnomalarini imzoladi. Shu asosda, murakkab ahvolda bo‘lgan fuqarolar Moskva shahri, 1-Kazachiy tor ko‘chasi, 11/2-uy (Polianka metro bekati) manzilidagi vakolatxonaga murojaat qilishi mumkin.
Vakolatxona xodimlari vaziyatni o‘rganib, ularga 30 kungacha bepul yotoq joy ajratadi. Hozirda Shimoli-g‘arbiy, Ural, Sibir, Uzoq Sharq va Janubiy federal okruglarda ham hostel va mehmonxonalar bilan shartnoma tuzish ishlari davom etmoqda.
Mazkur chora Vazirlar Mahkamasining 252-sonli qaroriga muvofiq amalga oshiriladi va O‘zbekiston fuqarolarining xavfsizligi va moddiy yordamga bo‘lgan ehtiyojlarini qoplashga qaratilgan.


