1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jahon

Rossiyada Telegram faoliyati cheklana boshladi — Roskomnadzor qarorni tasdiqladi

Rasmiylar messenjer Rossiya qonunchiligiga rioya qilmagani sababli uning ishlashini sekinlashtirish choralarini ko‘rmoqda.

Rossiyada Telegram faoliyati cheklana boshladi — Roskomnadzor qarorni tasdiqladi

 

Rossiya hukumati mamlakat hududida Telegram messenjeri faoliyatini cheklash va sekinlashtirish bo‘yicha ishlarni boshladi. Bu haqda RBK nashri soha va tegishli idoralardagi manbalarga tayanib xabar berdi.

 

Ma’lumotlarga ko‘ra, Aloqa, axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiyalarni nazorat qiluvchi federal xizmat — Roskomnadzor 10-fevraldan messenjer faoliyatini qisman cheklashni rejalashtirgan. Ayrim manbalar sekinlashtirish choralari allaqachon boshlanganini bildirgan.

 

Shuningdek, Rossiyadagi foydalanuvchilar 9–10-fevral kunlari Telegram ishlashida uzilishlar va muammolar kuzatilgani haqida shikoyat qilgan. Shunga o‘xshash holatlar yanvar o‘rtalari va dekabr oxirida ham qayd etilgan.

 

Keyinchalik Roskomnadzor Telegram faoliyati sekinlashtirilganini rasman tasdiqladi. Idora bayonotiga ko‘ra, ayrim messenjerlar, jumladan Telegram, Rossiya qonunchiligi talablariga to‘liq rioya qilmayapti, shu sababli ularga nisbatan bosqichma-bosqich cheklovlar joriy etilmoqda.

 

Qayd etilishicha, agar qonunbuzarliklar bartaraf etilsa, ushbu cheklovlar bekor qilinishi mumkin. Aks holda, messenjer faoliyatiga nisbatan yanada qat’iy choralar, jumladan to‘liq bloklash ehtimoli ham mavjud.

 

Eslatib o‘tamiz, Rossiyada Telegram 2018-yilda foydalanuvchi ma’lumotlarini taqdim etishdan bosh tortgani sababli bloklangan edi. Biroq 2020-yilda kompaniya ekstremizmga qarshi kurashishda hamkorlik qilishga tayyorligini bildirganidan so‘ng cheklovlar bekor qilingan edi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика