1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jahon

Rossiyadagi migrantlarga savdo, dorixonalar va transport sohasida ishlash taqiqlanadi

Bundan tashqari, qurilish, qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi sohalarida xorijiy ishchi kuchi ulushiga qisman cheklovlar belgilandi.

Rossiyadagi migrantlarga savdo, dorixonalar va transport sohasida ishlash taqiqlanadi

 

Rossiya Federatsiyasida patent asosida mehnat qilayotgan xorijiy fuqarolar faoliyatiga nisbatan yangi cheklovlar joriy etilmoqda. Mazkur tartiblar 2026-yil 1-yanvardan kuchga kiradi. Tegishli qarorni Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin imzoladi.

 

Hujjatga muvofiq, migrantlarning ayrim sohalarda ishlashi to‘liq taqiqlanadi yoki sezilarli darajada cheklanadi. Xususan, alkogol va tamaki mahsulotlarining chakana savdosi, farmatsevtika sohasi hamda dorixonalarda dori-darmon savdosi xorijiy fuqarolar uchun taqiqlangan faoliyat turlari qatoriga kiritildi. Shuningdek, bozorlarda, ko‘chma savdo nuqtalarida va do‘konlardan tashqari chakana savdo shakllarida migrantlar mehnatidan foydalanish mumkin bo‘lmaydi.

 

Bundan tashqari, qurilish, transport, qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi sohalarida xorijiy ishchi kuchi ulushiga aniq limitlar belgilandi. Jumladan, yo‘lovchi va yuk tashish sohasida migrantlar umumiy ishchilar sonining 24 foizidan oshmasligi lozim. Qurilishda bu ko‘rsatkich 50 foiz, sabzavotchilikda 40 foiz, o‘rmon xo‘jaligi va yog‘ochni qayta ishlashda esa 40 foizdan ortiq bo‘lishi mumkin emas.

 

Yangi qoidalarga muvofiq, belgilangan me’yorlardan oshib ketilgan taqdirda, ish beruvchilar ayrim xorijiy xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalarini bekor qilishga majbur bo‘ladi. Qoidabuzarlik uchun mansabdor shaxslarga 45 mingdan 50 ming rublgacha, yuridik shaxslarga esa 800 mingdan 1 million rublgacha jarima solinadi yoki korxona faoliyati 14 kundan 90 kungacha to‘xtatilishi mumkin.

 

Shu bilan birga, Rossiya hududlari mustaqil ravishda qo‘shimcha cheklovlar joriy etish huquqidan foydalanmoqda. Jumladan, Orenburg, Ulyanovsk, Tula, Kaluga va Chelyabinsk viloyatlarida ta’lim, jamoat transporti, taksi xizmati, savdo, ovqatlanish, go‘zallik va xizmat ko‘rsatish sohalarida migrantlar mehnatiga nisbatan taqiqlar kengaytirilmoqda.

 

Rasmiylarga ko‘ra, mazkur choralar xorijiy ishchi kuchini bosqichma-bosqich mahalliy mutaxassislar bilan almashtirishga qaratilgan.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика