2025-yil 30-iyundan boshlab Rossiyaga vizasiz tartibda kelayotgan xorijiy fuqarolar uchun ixtiyoriy ravishda ruID mobil ilovasi orqali raqamli ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati joriy qilinadi. Bu tartib xizmatlardan foydalanishni soddalashtirish maqsadida eksperiment tarzida taklif etilmoqda.
Avvalroq bu ariza majburiy bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan edi. Biroq, Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bu masalaga aniqlik kiritib, ruID orqali raqamli ariza topshirilmagan taqdirda ham bu holat chegara nazoratiga ta’sir ko‘rsatmasligi va mamlakatga kirishni rad etish uchun asos bo‘lmasligini bildirgan.
“Rossiya hukumati ruID ilovasi orqali mamlakatga kirish bo‘yicha arizani ixtiyoriy asosda to‘ldirish yo‘lini ma’qulladi,” — deyiladi rasmiy axborotda.
Raqamli arizani to‘ldirish quyidagi qulayliklarni beradi:
Rossiya Ichki ishlar vazirligi xorijiy fuqaroning kirishiga taqiq mavjud yoki yo‘qligini oldindan tekshirishi mumkin;
Kirishda xorijlikka SIM-karta olish uchun zarur bo‘lgan SNILS raqami avtomatik tarzda rasmiylashtiriladi;
Shaxsiy ma’lumotlar asosida raqamli profil shakllantiriladi va Rossiya xizmatlar tizimi bilan o‘zaro integratsiya qilinadi.


