1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Rossiyalik deputat Valuyev Markaziy Osiyo bo‘yicha keskin bayonot berdi

Valuyevning “qattiq choralar” haqidagi so‘zlariga Ruslan Chagayev javob qaytarib, Markaziy Osiyoga nisbatan tahdidlarni qabul qilib bo‘lmasligini bildirib, unga qarshi yana ringga chiqishga tayyor ekanini bildirdi.

Rossiyalik deputat Valuyev Markaziy Osiyo bo‘yicha keskin bayonot berdi

 

Rossiyalik sobiq professional bokschi, Davlat Dumasi deputati Nikolay Valuyevning Markaziy Osiyo davlatlariga nisbatan keskin va tahdidli bayonotlari mintaqada jamoatchilik eʼtiborini tortdi.

 

Valuyev so‘nggi 30 yil davomida Rossiya sobiq SSSR respublikalariga nisbatan “yumshoq siyosat” yuritganini, biroq bu yondashuv samara bermaganini taʼkidlab, kelgusida “qattiq choralar” va yangi “maxsus operatsiyalar” ehtimolini ilgari surdi. U bu borada rossiyalik siyosiy faylasuf Aleksandr Dugin qarashlarini qo‘llab-quvvatlashini ham bildirgan.

 

Shuningdek, Valuyev yosh avlodni, xususan “zumerlar”ni jismoniy tayyorgarlikka chaqirib, yaqin kelajakda “qahramonlar vaqti” kelishini iddao qilgan.

 

Mazkur bayonotlarga javoban o‘zbekistonlik sobiq professional bokschi Ruslan Chagayev Valuyevning fikrlarini keskin tanqid qildi. Chagayev Markaziy Osiyoga nisbatan aytilgan tahdidli so‘zlarni qabul qilib bo‘lmasligini taʼkidlab, zarurat tug‘ilsa, Valuyevga qarshi yana ringga chiqishga tayyor ekanini bildirdi.

 

Chagayev, shuningdek, Rossiya va O‘zbekiston rahbarlari o‘rtasidagi ijobiy munosabatlarga bunday bayonotlar putur yetkazishini qayd etdi.

 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq rossiyalik mafkurachi Aleksandr Dugin sobiq SSSR tarkibida bo‘lgan davlatlar, jumladan O‘zbekiston mustaqilligini tan olmaslik haqida fikr bildirgan edi.

 

 

Shuningdek, teleboshlovchi Vladimir Solovyov Markaziy Osiyo davlatlarida ham “maxsus harbiy operatsiyalar” o‘tkazish zarurligini aytgan.

 

 

Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova esa Solovyov bayonotlari Rossiyaning rasmiy pozitsiyasi emasligini maʼlum qilgan edi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика