Rossiyaning “Rossiya 1” telekanali efirida Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlariga nisbatan bahsli bayonotlar yangradi. “Вечер с Владимиром Соловёвйм” dasturida ishtirok etgan siyosatshunos Sergey Mixeyev mintaqa davlatlarining tashqi siyosatini tanqid qilib, Rossiya va postsovet davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarni qayta ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidladi.
Mixeyevning fikricha, Rossiya uzoq yillar davomida Markaziy Osiyo davlatlariga turli yo‘nalishlarda yordam ko‘rsatib kelgan, biroq bu holat mintaqa davlatlarining “haddan tashqari erkalab yuborilishi”ga olib kelgan. U Rossiya doimiy ravishda majburiyatli tomon sifatida ko‘rilayotgani “boshi berk ko‘cha” ekanini bildirdi.
Ushbu munozaraga dastur boshlovchisi Vladimir Solovyov ham qo‘shilib, Markaziy Osiyo davlatlari “o‘z o‘rnini bilishi kerak”ligini aytdi. Solovyov, shuningdek, Rossiya mintaqa davlatlarining ko‘plab muammolarini, jumladan mehnat migratsiyasi va ijtimoiy masalalarni hal etib kelayotganini ta’kidladi.
Avvalroq Vladimir Solovyov “Solovyov Live” ko‘rsatuvi efirida Rossiya tashqi siyosatida “yaqin xorij” mamlakatlariga alohida e’tibor qaratilishi lozimligini bildirgan.
U Markaziy Osiyoni Rossiya uchun strategik ahamiyatga ega hudud sifatida ta’riflab, mintaqani Moskvaning milliy xavfsizligi bilan bog‘liq masalalar doirasida tilga olgan.


