Oliy Majlis Senatining 5-fevral kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida senator Abdusaid Ko‘chimov nutq so‘zlab, O‘zbekiston har qanday tashqi bosim va vasiylik da’volariga nisbatan qat’iy pozitsiyada ekanini ta’kidladi.
Senator o‘z chiqishida davlat rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasiga alohida to‘xtalib, unda mamlakat taraqqiyoti va kelajak yo‘lini belgilab beruvchi oltita ustuvor yo‘nalish belgilanganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur yo‘nalishlar Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevorini tashkil etadi hamda bugungi taraqqiyot jarayonlarini Uchinchi Renessans g‘oyalari bilan uzviy bog‘laydi.
Abdusaid Ko‘chimov murojaatnomada ilgari surilgan tashabbuslar nafaqat mamlakat ichida, balki xalqaro maydonda ham katta qiziqish uyg‘otayotganini ta’kidladi. Xususan, hujjatning bir qator xorijiy tillarga tarjima qilinib e’lon qilinayotgani undagi g‘oyalar global miqyosda dolzarbligini ko‘rsatishi qayd etildi.
Senator bugungi kunda xalqaro munosabatlarda keskinlik ortib borayotganini, beqaror qarorlar va kuch ishlatishga asoslangan siyosat sharoitida davlatlar o‘z milliy manfaatlarini qat’iy himoya qilishi zarurligini ta’kidladi. Nutq davomida u millat va davlat manfaatlarini himoya qilish masalasida murosasizlik muhim ahamiyatga ega ekanini alohida qayd etdi.
Shuningdek, senator O‘zbekiston o‘z taraqqiyot yo‘lini mehnat, bilim va amaliy natijalar orqali mustahkamlab borayotganini bildirib, birlik va qat’iyat mamlakatning barqaror rivoji hamda tashqi tahdidlarga munosib javob qaytarishning asosiy omili ekanini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq rossiyalik mafkurachi Aleksandr Dugin sobiq SSSR tarkibida bo‘lgan davlatlar, jumladan O‘zbekiston mustaqilligini tan olmaslik haqida fikr bildirgan edi.
Shuningdek, teleboshlovchi Vladimir Solovyov Markaziy Osiyo davlatlarida ham “maxsus harbiy operatsiyalar” o‘tkazish zarurligini aytgan.
Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova esa Solovyov bayonotlari Rossiyaning rasmiy pozitsiyasi emasligini maʼlum qilgan edi.


