The Economist nashri Rossiyaning Ukraina urushidagi insoniy yo‘qotishlariga oid yangi statistik maʼlumotlarni eʼlon qildi. Nashr hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiyaning o‘lgan va yarador bo‘lgan askarlari soni 1 milliondan 1,35 milliongacha yetgan. Bu raqam Ikkinchi jahon urushi davrida o‘ldirilgan yoki yaralangan amerikalik askarlar sonidan ham ko‘p ekani taʼkidlanmoqda.
Maʼlumotlarga ko‘ra, Ukraina frontida Rossiya harbiylarining halok bo‘lganlari 680 mingdan ortishi mumkin. Bu esa urush boshlanganidan beri Rossiya erkak aholisi sonining qariyb 1 foizi janglarda yo‘qotilganini anglatadi. 2020–2021 yillardagi rasmiy statistikada mamlakatda 68 milliondan ziyod erkak yashagani qayd etilgan.
Analitiklar urush davom etayotganini inobatga olib, Rossiya armiyasining insoniy yo‘qotishlari yanada oshishi mumkinligini aytmoqda. Nashr fikricha, bu demografik bosim va ijtimoiy oqibatlar mamlakatning kelajakdagi harbiy va iqtisodiy barqarorligiga sezilarli taʼsir ko‘rsatadi.


