Rossiyaning Krasnoyarsk o‘lkasi gubernatori Mixail Kotyukov chet ellik ishchilarning ayrim sohalarda ishlashini cheklovchi farmonni imzoladi.
Jumladan, migrantlarga taksida yo‘lovchilarni tashish, ixtisoslashgan do‘konlarda alkogolli ichimliklar, shu jumladan pivoning chakana savdosi, ixtisoslashgan do‘konlarda tamaki mahsulotlarining chakana savdosi bilan shug‘ullanish taqiqlandi. Kotyukov yozganidek, "ish beruvchilar chet ellik ishchilarni chetlatishga ulgurishi uchun" farmon 2025-yil 1-martdan kuchga kiradi.
Qayd qilinishicha, migrantlar ishlashi taqiqlanadigan sohalar yanada ko‘payishi mumkin. Rossiyaning bir qator mintaqalarida: Tomsk, Samara, Lipesk va Kursk viloyatlarida mehnat migrantlarining muayyan sohalarda ishlashini taqiqlovchi farmoyishlar allaqachon kuchga kirgan.
Iyul oyi oxirida Rossiya Davlat Dumasiga chet el fuqarolariga maktab va maktabgacha ta’lim, tibbiyot va farmasevtika, yo‘lovchi tashish sohalarida ishlashni, shuningdek, "ayrim faoliyat turlari bilan shug‘ullanishni taqiqlashni" taklif qiluvchi qonun kiritilgan edi.


