Ijtimoiy tarmoqlar hamda ayrim internet manbalarida davlat axborot tizimlaridan kamida 15 million nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining shaxsiy ma’lumotlari noqonuniy tarzda olinib, Dark Web tarmoqlarida tarqatilgani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur xabarlarga ko‘ra, sizdirilgan bazada shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar va boshqa shaxsga doir axborotlar mavjud bo‘lishi mumkin.
Mazkur holat yuzasidan vakolatli davlat organlari tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Soliq qo‘mitasi ma’lum qilishicha, qo‘mita tasarrufidagi barcha axborot tizimlarini kiberhujumlardan himoyalash bo‘yicha zarur texnik va tashkiliy choralar ko‘rilgan. Hozirda barcha interaktiv xizmatlar hamda axborot tizimlari belgilangan tartibda barqaror va uzluksiz faoliyat ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, Ichki ishlar organlari rasmiy bayonotiga ko‘ra, ularning tasarrufidagi axborot tizimlarining axborot xavfsizligi to‘liq ta’minlangan bo‘lib, unda saqlanayotgan shaxsga doir ma’lumotlarning daxlsizligi kafolatlangan. Ushbu tizimlarga tashqi manbalar orqali ruxsatsiz kirish imkoniyati mavjud emas.


