Kinematografiya agentligi Kun.uz saytida e’lon qilingan «Sabriya» mashmashasi: Serialdagi behayo sahna mavzusi Firdavs Abduxoliqov shaxsiga ulanib ketdi» maqolasi bo'yicha rasmiy izoh berdi.
Unga ko’ra, so‘nggi paytlar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinayotgan «Sabriya» teleseriali Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olinmagan va davlat mablag‘lari bu serialga yo‘naltirilmagan.
Shuningdek, xabarda agentlik bosh direktori u yoki bu mahsulotlarni ishlab chiqarish, kinostudiya va telekanallarga serial ishlab chiqarishni to‘g‘ridan-to‘g‘ri topshirish vakolatiga ega emasligi, agentlik qaysi telekanallar va xususiy studiyalar bilan ishlashi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tuzilgan Kinematografiya agentligi huzuridagi Badiiy kengashning mutlaq vakolatiga kirishi bayon qilingan.


