U avvalo Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mintaqasidagi yosh, istiqbolli dizaynerlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan nufuzli tashabbus — Fashion Trust Arabia (FTA) jamg‘armasi faoliyati bilan tanishdi.
Mirziyoyeva ta’kidlashicha, ayniqsa, M7 madaniyat markazidagi “Threads of Impact” ko‘rgazmasi e’tiborni tortgan. Shu ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston ham “Woven Legacies: Uzbekistan’s Living Heritage” nomli ekspozitsiya bilan ishtirok etmoqda.
Ekspozitsiyada O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tayyorlangan 12 ta noyob libos – 4 ta chopon va 8 ta ko‘ylak namoyish etilmoqda. Ko‘rgazma 2026-yil 3-yanvargacha davom etadi.
Shuningdek, Mirziyoyeva mashhur me’morlar Rem Koolhaas va Samir Bantal rahbarligidagi “Countryside: A Place to Live, Not to Leave” ko‘rgazmasiga ham tashrif buyurdi. Ushbu ko‘rgazmada O‘zbekistonning ilmiy merosi – “Quyosh” instituti alohida bo‘lim sifatida taqdim etilgan. Ko‘rgazma 2026-yil 30-iyungacha Qatar Tayyorlov maktabi va Qatar Milliy muzeyida davom etadi.
Mirziyoyeva Doha tashrifi davomida shuningdek kino festivalida ham ishtirok etgani ma’lum qilindi.


