Saida Mirziyoyeva Samarqand viloyatining Urgut tumanida amalga oshirilayotgan yirik infratuzilma va hududiy rivojlanish loyihalari bilan tanishdi.
Tashrif doirasida Saida Mirziyoyeva Samarqand shahridan Urgut vokzaligacha yangi qurilgan temir yo‘l orqali yetib bordi. Mazkur temir yo‘l liniyasi Urgut tumanida erkin iqtisodiy zona shakllanishi, tadbirkorlar va yo‘lovchilar uchun masofa hamda xarajatlarni qisqartirishga xizmat qiladigan muhim infratuzilma loyihasi sifatida baholanmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston–Tojikiston davlat chegarasi hududida savdo, logistika va tibbiyot markazlarini tashkil etish loyihasi taqdim etildi. Ushbu tashabbus hududni oddiy tranzit nuqtadan faol iqtisodiy markazga aylantirishni maqsad qilgan.
Yangi logistika markazi kuniga 100 tagacha yuk avtomobiliga xizmat ko‘rsatishi rejalashtirilgan. Loyiha doirasida logistika jarayonlari nafaqat tashish, balki mahsulot qiymatini oshiruvchi muhim bosqich sifatida yo‘lga qo‘yiladi. Bojxona jarayonlarida byurokratik tartiblar qisqartirilib, xizmatlar tezligi va shaffofligi oshiriladi.
Tibbiy diagnostika markazida kuniga 200 nafar bemorni qabul qilish, savdo markazida esa 800 nafargacha tadbirkor faoliyat yuritishi uchun zarur sharoitlar yaratiladi. Natijada Tojikiston fuqarolari pasport nazorati, ortiqcha hujjatlar va navbatlarsiz savdo qilish hamda tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa aholiga qulaylik yaratib, ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlaydi.
Urgut tumanidagi suv ta’minoti tizimi bilan bog‘liq muammolar ham alohida ko‘rib chiqildi. Xususan, minglab gektar yerlarning barqaror sug‘orilmagani hamda eskirgan nasos stansiyalari sabab suv yo‘qotishlari yuqori ekani qayd etildi. Ayrim hududlarda suv tanqisligi hosildorlikni pasaytirib, eksport salohiyatini cheklab kelayotgani ta’kidlandi.
Yangi loyihalar doirasida ushbu muammolarni tizimli hal etish ko‘zda tutilgan. Xususan, 10 ming gektardan ortiq yer maydoni barqaror sug‘orishga o‘tkaziladi, nasos stansiyalari rekonstruksiya qilinadi, kichik suv omborlari barpo etiladi hamda energiya tejamkor texnologiyalar joriy qilinadi. Natijada suv resurslaridan foydalanish samaradorligi oshib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi va eksport imkoniyatlari kengayadi.


