Samarqand tumani alohida ma’muriy-hududiy birlik sifatida tugatilib, uning hududlari, shuningdek, Oqdaryo, Pastdarg‘om va Toyloq tumanlarining ayrim qismlarini Samarqand shahri tarkibiga o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Bu masala Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, mazkur tashabbusdan ko‘zlangan asosiy maqsad Samarqand shahrini “millionli shahar”ga aylantirish, zamonaviy arxitektura yechimlariga ega turar joy va noturar binolarni barpo etish, aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirish hamda infratuzilmani rivojlantirish orqali munosib yashash sharoitlarini yaratishdan iborat.
Chegaralar o‘zgartirilishi natijasida Samarqand shahri hududi 11,8 ming gektardan 28,9 ming gektargacha kengayadi. Bu esa yangi investitsiya va qurilish loyihalarini amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Diyor Husanovning ta’kidlashicha, kengaytirilgan hududlarda yangi turistik loyihalar, o‘yin maydonlari, akvaparklar, havo sharlari majmualari, istirohat bog‘lari, ko‘ngilochar va dam olish maskanlari, shuningdek, yashil hududlar, xizmat ko‘rsatish ob’ektlari va logistika markazlari barpo etilishi rejalashtirilgan.
Yig‘ilish yakunida mazkur qonun loyihasi deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Ma’lumot uchun, umumiy yer maydoni 28 415 gektar bo‘lgan Samarqand shahri tarkibida quyidagi yangi tumanlarni tashkil etish rejalashtirilmoqda:
- Qorasuv tumani — 8 250 gektar,
- So‘g‘diyona tumani — 3 741 gektar,
- Siyob tumani — 4 846 gektar,
- Bog‘ishamol tumani — 3 246 gektar,
- Maroqand tumani — 8 333 gektar.


