Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish maqsadida Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti va uning hududiy bo‘linmalari hamda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bilan hamkorlikda internet tarmog‘i orqali narkotiklar oldi-sotdisi va ularning narko-kanallarini aniqlashga qaratilgan tezkor tadbir o‘tkazildi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.
O‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbiri natijasida, muqaddam O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi beshinchi qismi bilan sudlangan, 1983-yilda tug‘ilgan fuqaro og‘irligi 1 kilogramm bo‘lgan geroin giyohvandlik vositasini 38 000 AQSH dollari evaziga o‘zining jinoiy sherigi, 1992-yilda tug‘ilgan shaxsga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Noqonuniy giyohvandlik vositalari muomalasi to‘xtatilishi natijasida aholining 100 000 dozaga teng bo‘lgan zaharlanishi oldi olindi. Mazkur holat yuzasidan narkosotuvchiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi beshinchi qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.


