Samarqand viloyatining Toyloq tumanida o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Hodisa 23-iyun kuni soat 00:30 larda Toyloq tumani “Charog‘bon” mahallasi hududidan o‘tuvchi A-377 avtomobil yo‘lining 7-kilometrida yuz bergan. Toyloq tumani IIB HPB profilaktika inspektori leytenant M. Xursandov boshqaruvida bo‘lgan “Neksiya-2” (d/r 30 021 NAA) yo‘lning Urgut yo‘nalishi tomon qayrilayotgan vaqtida, qarama-qarshi tomonidan harakatlanib kelayotgan, Toyloq tumanida yashovchi 2003-yilda tug‘ilgan fuqaro A. P. boshqaruvida bo‘lgan “Malibu” (d/r 30 O 201 XA) bilan to‘qnashuv sodir etgan.
Shundan so‘ng “Neksiya-2” avtomashinasida bo‘lgan M. Xursandov, Toyloq tumani IIB HPB katta profilaktika inspektori mayor R. Razzoqov hamda Toyloq tumanida yashovchi, 1957 yilda tug‘ilgan fuqaro Sh. M. lar og‘ir tan jarohatlari oqibatida vafot etgan.
Bundan tashqari, “Neksiya-2” avtomashinasida bo‘lgan Toyloq tumanida yashovchi A. I. va N. M., shuningdek, “Malibu” haydovchisi A. P. va Toyloq tumanida yashovchi A. M. va A. R. tan jarohati olib, tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.
Mazkur holat yuzasidan Toyloq tumani prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.


