Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanida profilaktika inspektori voyaga yetmagan yigitga nisbatan bosim o‘tkazganlikda aybdor deb topildi. Hodisa ortidan yigitning ahvoli og‘irlashgani, tibbiy muolajalar ko‘rilganiga qaramay, u bir necha oy o‘tib vafot etgani maʼlum qilindi. Yaqinlarining aytishicha, inspektor tomonidan “qamalasan” degan tahdidlar unga kuchli ruhiy bosim qilgan.
Sud hujjatlariga ko‘ra, inspektor I. X. voyaga yetmaganni izlab topish jarayonida oila aʼzolaridan pul undirgani, shuningdek, unga nisbatan rasmiy tartib-qoidalarga zid tarzda muomala qilgani aniqlangan. Marhumning onasi va qarindoshlari inspektor tomonidan berilgan tahdidlarni videotasvir bilan tasdiqlaganini maʼlum qilgan.
JIB Payariq tuman sudi I. X. ni Jinoyat kodeksining firibgarlik va mansabga sovuqqonlik bilan munosabatda bo‘lish moddalarida aybli deb topdi. Sud unga 2 yil ichki ishlar tizimida ishlash huquqidan mahrum etilgan holda 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi. U sud zalidan qamoqqa olindi.


