Samarqand viloyatining Oqdaryo tumanida otasini moddiy taʼminlashdan bo‘yin tovlagan farzandga chora ko‘rildi. Bu haqida MIB axborot xizmati Zamon.uz'ga maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, MIB Oqdaryo tuman bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan FIB Payariq tumanlararo sudining ijro hujjatiga ko‘ra, qarzdor o‘g‘il E.X.dan o‘z otasi Yu.X. foydasiga oylik daromadining 50 foizi miqdorida aliment to‘lash belgilagan.
Biroq, o‘g‘il aliment majburiyatini qasddan bajarmay, bo‘yin tovlab yurgan. Davlat ijrochisi bir necha marta ogohlantirgan va aliment qarzini to‘lamasa, javobgarlik belgilanishini aytgan. Natija bo‘lmagach, hujjatlarni sudga taqdim etgan.
Kecha, 1 dekabr kuni JIB Oqdaryo tuman sudi qarzdor E.X.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 47-5-moddasi 1-qismi bo‘yicha 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinladi.
Maʼlumot uchun, Oila kodeksining 109-moddasiga asosan, voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalar mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj o‘z ota-onasiga taʼminot berishlari va ular to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishlari shartligi belgilab qo‘yilgan.


