Samarqand viloyatining Payariq tumanida tadbirkorlarni urib, qo‘rqitib ulardan pul talab qilib kelgan shaxslar qo‘lga tushdi. Bu haqida viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 1983 yili tug‘ilgan, muqaddam 5 marotaba sudlangan fuqaro Jahongir Abdurahimov o‘zining jinoiy sherigi — 1996 yili tug‘ilgan Bobur Abidov bilan birgalikda jinoiy yo‘l bilan moddiy daromad orttirish maqsadida tadbirkorlarga turli tuhmatlar uyushtirib, ularga ruhiy va jismoniy tazyiq o‘tkazib kelayotganligi to‘g‘risida tezkor maʼlumotlar olingan.
Olib borilgan tezkor surishtiruv tadbirlari davomida Jahongir Abdurahimov o‘ziga tegishli MCHJ binosiga tumanda yashovchi fuqarolarni turli tuhmatlar bilan olib kelib, ularni yalang‘ochlab urib-do‘pposlagani, ushbu holatda video tasvirga olganligi va ularni turli ijtimoiy tarmoqlarga tarqatish bilan tahdid qilib jabrlanuvchilardan pul yoki boshqa moddiy qiymatliklarni qo‘lga kiritib kelgani aniqlangan.
Hozirda holat yuzasidan Payariq tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.


