Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat bojxona hamda ichki ishlar boshqarmalari bilan hamkorlikda Urgut tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida yirik miqdordagi giyohvandlik vositasining noqonuniy savdosiga chek qo‘yildi.
Oldindan kuzatuvga olingan, Urgut tumanida yashovchi, 1966-yilda tug‘ilgan, ilgari giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar uchun sudlangan shaxs 993 gramm “opiy” moddasini shartli xaridorga 15 ming AQSh dollariga sotayotgan vaqtida daliliy ashyo bilan ushlangan.
Tekshiruvda aniqlanishicha, mazkur giyohvandlik vositasi Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan.
Hozirda shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 28, 246-moddasi 2-qismi (kontrabanda) hamda 273-moddasi 5-qismi (giyohvandlik vositalarini o‘tkazish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Qayd etilishicha, mazkur moddalar bo‘yicha 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.


