Samarqand viloyatida qo‘y o‘g‘irlashda gumon qilingan 64 yoshli ayol tergov jarayoni davomida hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ayol joriy yilning 25-iyul kuni ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan va Samarqanddagi 7-sonli tergov izolyatoriga joylashtirilgan. Diabet kasalligidan aziyat chekayotgan bo‘lishiga qaramay, himoyachilarining tibbiy ekspertiza tayinlash haqidagi iltimosi rad etilgan.
Aholi vakilining sog‘ligi yomonlashgani sababli u Toshkentdagi maxsus tibbiy muassasaga — “Sangorod” shifoxonasiga olib borilgan, biroq qisqa muddatdan so‘ng yana izolyatorga qaytarilgan. Bugun esa u vafot etgani ma’lum qilindi.
Holat yuzasidan hozircha mutasaddi idoralar tomonidan rasmiy bayonot berilmagan.


