Samarqand viloyati Toyloq tumanida velosipedchi ketma-ket ikki transport vositasi ishtirokidagi yo‘l-transport hodisasi oqibatida vafot etdi. Bu haqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa 29-yanvar kuni soat 18:20 atrofida Toyloq tumanining “Jumabozor” MFY hududidan o‘tuvchi D-069 avtomobil yo‘lining 12-kilometrida sodir bo‘lgan. Toyloq–Urgut yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan velosipedchini shu yo‘nalishda ketayotgan “Isuzu” rusumli yuk avtomobili urib yuborgan.
Zarba oqibatida velosipedchi yo‘lga yiqilgan. Shundan so‘ng, “Isuzu” ortidan harakatlanib kelayotgan “Damas” rusumli avtomobil yo‘lda yotgan fuqaroni bosib ketgan.
Qayd etilishicha, velosipedchi hodisa joyida vafot etgan. Mazkur holat yuzasidan Toyloq tumani IIB tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.


