Samarqand viloyatida KIA Sonet avtomobili haydovchisi yo‘l ta’miri bilan shug‘ullanayotgan ishchilar tomon xavfli tarzda harakatlangani uchun javobgarlikka tortildi. Mazkur holat aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, keng jamoatchilik e’tiborini tortdi.
Viloyat IIB YHXB matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, haydovchi “Yo‘l bezoriligi” moddasi bo‘yicha aybdor deb topilib, sud qaroriga ko‘ra 25 BHM (10,3 million so‘m) miqdorida jarimaga tortildi va ikki yil muddatga haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilindi.
Tekshiruv jarayonida haydovchi o‘z harakatini “shoshilinch holat” bilan izohlashga uringan bo‘lsa-da, bu vaj sud tomonidan oqlovchi sabab sifatida qabul qilinmadi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar bunday qoidabuzarliklar yo‘l harakati ishtirokchilari hayoti va xavfsizligiga jiddiy tahdid ekanini ta’kidladi.


