Samarqand viloyatida yollanma qotillik jinoyatini sodir etishning oldi olindi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida tanishini o‘ldirishni rejalashtirgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, tezkor tadbir Samarqand viloyati IIB, Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi hamda viloyat prokuraturasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan. Tezkor ma’lumotlarga ko‘ra, 2002-yilda tug‘ilgan shaxs Toshkent shahrida yashovchi tanishi bilan kelib chiqqan nizo sabab uni o‘ldirishni rejalashtirib, yollanma qotil izlayotgani aniqlangan.
Holat yuzasidan huquq-tartibot organlari tomonidan tezkor tadbir tashkil etilib, shartli yollanma qotil jalb qilingan. Gumonlanuvchi ushbu shaxsga tanishini o'ldirish evaziga 2200 AQSh dollari berishni va’da qilgan.
27-yanvar kuni Samarqand shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida gumonlanuvchi shartli yollanma qotildan grimmlangan jasad suratini qabul qilib olganidan so‘ng, 2000 AQSh dollari miqdoridagi pul mablag‘larini topshirayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Keyingi tekshiruvlar jarayonida mazkur jinoyatga buyurtmani gumonlanuvchining ish joyi — MCHJ rahbari, 1996-yilda tug‘ilgan shaxs bergani aniqlangan. U Toshkent shahrida yashovchi qarindoshini o‘ldirishni rejalashtirgan bo‘lib, ular o‘rtasida avvaldan nizolar va katta miqdordagi qarz munosabatlari mavjud bo‘lgan. Mazkur shaxs ham huquq-tartibot organlari tomonidan qo‘lga olindi.
Hozirda holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25-moddasi orqali 97-moddasi ikkinchi qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, qasddan odam o‘ldirish jinoyati uchun umrbod ozodlikdan mahrum etishgacha bo‘lgan jazo belgilangan.


