Sankt-Peterburg yaqinidagi Shushari qishlog‘ida Wildberries kopmaniyasiga tegishli omborda yong‘in chiqdi. Rossiya ommaviy axborot vositalari xabariga ko‘ra, yong‘in 13-yanvar kuni ertalab boshlangan va 70 ming kvadrat metrni qamrab olgan. Uni o‘chirishga 270 ga yaqin kishi va 57 texnika jalb qilindi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi qurbonlar haqida maʼlumotga ega emas.
Kompaniya rasmiylari xabar berishicha, hodisa vaqtida binoda kamida ming kishi bo‘lgan va ular evakuatsiya qilingan. Bu Rossiya chakana savdosi tarixidagi eng yirik yong‘in bo‘ldi. Hodisa natijasida taxminan 11 milliard rubl qiymatidagi barcha tovarlar yonib ketgani xabar qilinmoqda.
Sotuvchilar sodir bo‘lgan yong‘in natijasida zarar ko‘rgan tovarlar uchun kompensatsiya oladilar va mijozlarga yo‘qolgan buyurtmalar uchun pul qaytariladi, deya xabar beradi kompaniya vakillari.
Hozircha yong‘inga elektr simlaridagi nosozlik sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda. Yakuniy xulosa yong‘in o‘chirilib, ekspertiza o‘tkazilgandan keyin chiqariladi.


