Sariosiyo tumanida mansab vakolatlaridan suiiste’mol qilish holati yuzasidan sud hukmi e’lon qilindi. Tuman hokimining sobiq o‘rinbosari A.Q. bog‘chaga ishga joylab qo‘yishni va’da qilgan holda bir fuqarodan o‘z xizmat xonasida 500 AQSh dollari olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, A.Q. 2025-yil 21-sentyabr kuni ushlangan va unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. U 2020-yildan buyon tumanning hokim o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelgan.
Sud-tergov jarayonida u aybga qisman iqror bo‘lgan bo‘lsa-da, mablag‘ni “qarz sifatida olganini” ta’kidlagan. Biroq tergov materiallari, dalillar va guvohlarning ko‘rsatmalari asosida sud uning aybini to‘liq tasdiqladi.
Adliya organlarining ma’lum qilishicha, sud hukmiga ko‘ra A.Q. Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 211-moddasi (pora olish/berish) bo‘yicha aybdor deb topildi hamda 3 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Shuningdek, unga 2 yil 1 oy davomida davlat organlarida mansabdor lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum etish jazosi belgilandi. Jinoyat predmeti bo‘lgan 500 AQSh dollari esa davlat daromadiga undirildi.


