Saudiya Arabistonida mamlakatning eng keksa fuqarosi sifatida tanilgan Nosir al-Vadoiy vafot etdi. Uning oilasi marhumning 142 yoshda bo‘lganini ma’lum qilgan. Bu haqda Saudiya Arabistonining Okaz nashri xabar berdi.
Qarindoshlarining aytishicha, Nosir al-Vadoiy 1884-yilda Zahron al-Janub hududida, Arabiston yarim orolining turli mintaqalari yagona davlatga — Saudiya Arabistoni Qirolligiga birlashtirilishidan avval tug‘ilgan. U qirollik asoschisi Abdulaziz ibn Sauddan tortib hozirgi hukmdor Qirol Salmon davrigacha bo‘lgan bir necha monarxlar zamoniga guvoh bo‘lgan.
Oilasi ma’lumotlariga ko‘ra, al-Vadoiy muloyim xulqi, jasorati va jismoniy quvvati bilan tanilgan. U umrining so‘nggi yillarigacha ham o‘z jamoasining ijtimoiy hayotida faol ishtirok etib kelgan. Yaqinlarining ta’kidlashicha, uning uzoq umr ko‘rishiga soddaligi bilan ajralib turadigan ovqatlanish tartibi sabab bo‘lgan. Xususan, u kam miqdorda ovqat iste’mol qilgan, asosan unmagan bug‘doy, asal, mayiz va sariyog‘dan foydalangan hamda ayron ichgan.
Marhumning janoza namozi Dahron viloyatidagi As-Suq masjidida o‘qilgan bo‘lib, marosimda 7 mingdan ortiq kishi ishtirok etgan. Shundan so‘ng Nosir al-Vadoiy tug‘ilgan qishlog‘i — Ar-Rashidda dafn etilgan.
Oilasi uning chuqur dindor bo‘lganini, umr davomida 40 martadan ortiq Haj ziyoratini ado etganini ham ma’lum qildi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Nosir al-Vadoiy uch marta turmush qurgan bo‘lib, undan jami 134 nafar farzand va nabira qolgan.
O‘lim sababi uzoq davom etgan kasallik sifatida qayd etilgan.


