O‘zbekistonning Jidda shahridagi Bosh konsulligida saudiyalik tadbirkor Bassam al-Saadi bilan muzokaralar tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo”. Uchrashuvda O‘zbekiston sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirishga xorijiy investitsiyalarni jalb etish masalalari muhokama qilindi.
Bassam al-Saadi mamlakat Bosh konsulxonasi ko‘magida O‘zbekistondagi biznesini yana-da kengaytirish va mustahkamlashga harakat qilayotganini bildirdi.
"Biz hamkorlarimiz bilan Farg‘ona shahrida turistik dam olish maskanini barpo etish loyihasi uchun 3 million dollar miqdoridagi mablag‘ni kiritishni rejalashtiryapmiz. Ushbu dam olish maskani loyihasida 5 ta katta villa, 9 dona o‘rta va 15 ta kichik villalar hamda savdo markazi va bolalar o‘yingohi qurilishi nazarda tutilmoqda", — dedi u.
Uchrashuv yakunida saudiyalik tadbirkor bilan mamlakatdagi boshqa loyihalarga ham investitsiya kiritish imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha kelishib olindi.


