Ijtimoiy tarmoqlarda mart oyi avvalida Savdo-sanoat palatasi Navoiy viloyati boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlangan, bunga qadar hokim yordamchisi bo‘lib ishlagan Merey Omonboyevaga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabarlar tarqaldi.
Savdo-sanoat palatasining rasmiy munosabat bildirishicha, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 28-moddasiga asosan, jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxs uning aybi qonunda nazarda tutilgan tartibda oshkora sud muhokamasi yo‘li bilan isbotlanmaguncha va sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanmaguncha aybsiz deb hisoblanadi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi talablariga ko‘ra, xodimni ishdan chetlashtirish qonunchilikka muvofiq vakolatli davlat organlarining talabiga ko‘ra amalga oshirilishi belgilangan.
Bugungi kunga qadar O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasiga huquqni muhofaza qilish organlaridan M.Omonboyevani ishdan chetlashtirish bo‘yicha talabnoma kelib tushmagan va M.Omonboyeva Palataning Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyatini davom ettirmoqda.
"Mazkur holat yuzasidan o‘rganish natijalari bo‘yicha qo‘shimcha axborot beriladi", deyiladi xabarda.


