Saylov xalq hokimiyatchiligining muhim belgisi, fuqarolarni davlat hokimiyatiga davriylik asosida o‘z pozitsiyasini bildirishning muhim vositasi. Aynan, saylovlar orqali fuqarolarning olib borilayotgan siyosiy jarayonlarga munosabati bildiriladi. Saylovlarda fuqarolar o‘zining xohish-irodasini, siyosiy ongi va fuqarolik pozitsiyasini ifoda etadi.
So‘nggi yillardagi ochiqlik, inson qadri uchun tamoyiliga asoslangan islohotlar saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish jarayonida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Mamlakatimizda o‘tkazilayotgan turli darajadagi saylovlar xalqimiz ongi va kayfiyatida ijobiy o‘zgarishlar yasadi, bu muhim siyosiy jarayonga aholimizning munosabati o‘zgarganligini joriy yil bo‘lib o‘tkan referendum yakunlari bo‘yicha eʼlon qilingan natija ham isbotlab turibdi.
Xususan, Referendumda ovoz beruvchi fuqarolar ro‘yxatiga kiritilgan 19 million 722 ming 809 fuqarodan, 16 million 667 ming 97 fuqaro ovoz berish byulletenlarini oldi va ovoz berdi. Bu referendumda ovoz beruvchilar umumiy sonining 84,51 foizini tashkil qiladi. Fuqarolarning ertangi kunga ishonchi hamda ona Vatan taqdiriga daxldorlik hissi bilan saylov jarayonlarida ishtirok etishi – xalqimizning siyosiy madaniyati va faolligi ortganidan dalolat beradi.
So‘nggi yillarda saylov qonunchiligi mutassil ravishda takomillashtirilib, 2019 yil 25 iyunda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari va boshqa jamoat tashkilotlari bilan birgalikda demokratik tamoyillarga hamda xalqaro standartlarga javob beradigan O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi qabul qilindi.
Saylov kodeksi kuchga kirgunga qadar mavjud bo‘lgan 5 ta qonunda, yaʼni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to‘g‘risidagi qonunlarda jami 190 ta modda mavjud edi. Ular tizimlashtirib 18 ta bob, 103 moddadan iborat bo‘lgan Saylov kodeksi qabul qilindi.
Mazkur hujjatda saylov jarayonining asosiy ishtirokchilari bo‘lgan saylov komissiyalari tizimi, kuzatuvchilarning, siyosiy partiyalar vakolatli vakillarining, ommaviy axborot vositalari vakillarining huquq va majburiyatlari batafsil qayd etilganligini taʼkidlash lozim.
Prezident saylovining muhim jihati shundaki, uning natijasida davlat rahbari saylanibgina qolmay balki, jamiyat aʼzolarining xohish-istaklari, davlat siyosatiga real munosabati aniqlanadi. Mazkur jarayonda konstitutsiyaviy asosda o‘rnatilgan va taraqqiyotning muhim omillaridan hisoblangan fikrlar xilma-xilligi ham yaqqol namoyon bo‘ladi.
Saylov jarayonlarini tashkil etishda har bir jarayon, har bir ishtirokchi, har bir masala muhim va yuksak masʼuliyat talab etadi. Ushbu masʼuliyatli vazifalarni saylov komissiyalari amalga oshiradi. Saylov komissiyasi - saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishni tashkil etadigan va taʼminlaydigan kollegial organ hisoblanadi. Saylov komissiyalari tizimiga Markaziy saylov komissiyasi, viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalari, okrug saylov komissiyalari hamda uchastka saylov komissiyalari kiradi.
Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tomonidan kamida o‘n besh nafar aʼzodan iborat tarkibda tuziladi. Bugungi kunda Markaziy saylov komissiyasi doimiy va jamoatchilik asosida ishlovchi aʼzolar bilan birgalikda jami 21 nafardan iborat. Ulardan 15 nafari (71%) erkak , 6 nafari (29%) ayol kishini tashkil qiladi.
Xususan, Saylov kodeksida saylov komissiyalari va ularning aʼzolari o‘z faoliyatini har qanday davlat organlaridan, jamoat birlashmalaridan va mansabdor shaxslardan mustaqil holda amalga oshirishi alohida qayd etilgan. Saylov komissiyalarining faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi va bunday aralashuv qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi uning adolatli va shaffof o‘tishini taʼminlash yo‘lida kiritilgan normalardan biri hisoblanadi.
Markaziy saylov komissiyasini tuzish, Markaziy saylov komissiyasiga aʼzolik, uning vakolatlari, Raislik, majlislari va qarorlari, Kotibiyati, Reglamenti kabi masalalar ham Saylov kodeksida o‘zining batafsil ifodasini topgan.
Saylov jarayonining ajralmas va muhim ishtirokchilaridan yana biri bu kuzatuvchilardir. Ular orqali shaffoflik, oshkarilik taʼminlanadi, qonuniylik nazoratga olinadi.
O‘zbekistondagi saylovda ishtirok etuvchi xorijiy va xalqaro kuzatuvchilar soniga nazar tashlaydigan bo‘lsak, 2015 yilda bo‘lib o‘tgan Prezident saylovida chet ellik 296 nafar kuzatuvchi qatnashgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2016 yilgi Prezident saylovida 555 nafarni tashkil etgan. 2014 yil 21 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga bo‘lib o‘tgan saylovda 331 nafar xorijiy kuzatuvchi qatnashgan bo‘lsa, 2019 yilgi parlament saylovida ular soni 825 nafarni tashkil qilgan.
Joriy yil bo‘lib o‘tgan referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonini 383 nafar xalqaro kuzatuvchi bevosita kuzatib bordi. Bu esa mamlakatimizdagi saylovlar xalqaro hamjamiyat eʼtiborini jalb qilayotgani siyosiy jarayon demokratik shart-sharoitlar asosida o‘tayotganidan dalolat beradi.
BMTning 2005 yil 27 oktyabrda eʼlon qilingan Saylovlarni xalqaro kuzatish prinsiplari to‘g‘risidagi deklaratsiyasi va unga ilova qilingan Saylovlarda xalqaro kuzatuvchilarning axloq kodeksi qoidalari asosida xalqaro tashkilotlar tomonidan turli qoidalar ishlab chiqilgan. Ular faoliyati ushbu hujjatlar va davlatlarning milliy saylov qonunchiligi bilan bog‘liq normativ hujjatlarga asoslanadi.
O‘z navbatida, xalqaro kuzatuvchilar uzoq muddatli va qisqa muddatli kuzatuvchilarga bo‘linadi. Uzoq muddatli kuzatuvchilar saylov kunidan 6-8 hafta oldin, qisqa muddatli kuzatuvchilar saylovdan 3-5 kun oldin tashrif buyuradi.
O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 8-moddasida saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek, saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga, Qonunchilik palatasi, mahalliy kengashlar deputatligiga nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiyalardan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan, xalqaro tashkilotlardan, xorijiy davlatlardan kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etish huquqiga ega ekani belgilab qo‘yilgan.
Saylov kodeksiga binoan, kuzatuvchilar o‘z faoliyatini tegishli komissiyalar tomonidan berilgan mandatlar asosida amalga oshiradi. Boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilarga mandatlar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan beriladi.
Bunda saylov kampaniyasi boshlangani eʼlon qilingandan so‘ng MSK xorijiy davlatlar saylov organlari va xalqaro tashkilotlarga Tashqi ishlar vazirligi orqali taklifnoma yuboradi. Tashqi ishlar vazirligi o‘z tashabbusiga ko‘ra yoki davlat hokimiyati organlari, vazirliklar, idoralar, ilmiy-tadqiqot institutlari, boshqa tashkilot va muassasalar takliflariga binoan ham saylovga xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilarni taklif etishi mumkin. Xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar ham saylovda xorijiy (xalqaro) kuzatuvchi sifatida ishtirok etish istagini izhor etib, Tashqi ishlar vazirligiga murojaat yo‘llashga haqli.
Xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar tegishli hujjatlarni ovoz berish kunidan kamida o‘n kun oldin taqdim etishi lozim. Xalqaro kuzatuvchilar mahalliy kuzatuvchilar singari saylov qonunchiligida belgilangan huquqlardan foydalanadi. Jumladan, xalqaro kuzatuvchilar Markaziy saylov komissiyasi, saylov okruglari hamda uchastka saylov komissiyalarida bo‘lib o‘tadigan majlislarda ishtirok etish huquqiga ega. Shuningdek, joylarda nomzodlar ko‘rsatish bilan bog‘liq yig‘ilishlarda, nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarida ishtirok etish huquqi qonunchilikda mustahkamlab qo‘yilgan.
Kuzatuvchilar saylov uchastkalaridagi tayyorgarlik ishlarining borishi, yashirin ovoz berish kabinalari joylashtirilishi va saylov qutilari muhrlanishini, fuqarolarning ro‘yxatga olinishi hamda ularga saylov byulletenlari berilishini kuzatishi mumkin. Biroq kuzatuvchilardan ushbu jarayonlarga aralashmasligi talab etiladi.
Bundan tashqari, saylov qonunchiligi kuzatuvchilarning ovozlar sanab chiqilayotganda va saylov komissiyasining bayonnomasi tuzilayotganda ishtirok etishiga, saylov natijalari tegishli saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlanganidan so‘ng esa hujjatlardan ko‘chirma nusxalar olishiga ham ruxsat beradi.
Agar tegishli saylov uchastkasida ushbu saylov qonunchiligi talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilgan, deb hisoblash uchun asoslar bo‘lsa, kuzatuvchilar bu haqda saylov komissiyasiga maʼlum qilishi mumkin. Xalqaro va xorijiy kuzatuvchilarning yuqoridagi huquqlardan foydalanishi uchun Markaziy saylov komissiyasi tomonidan berilgan mandat va shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatishi yetarli hisoblanadi.
Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, saylov nafaqat davlat hokimiyati organlarini demokratik shakllantirish tizimining elementi, balki fuqarolik jamiyatining davlat boshqaruvida ishtirok etish darajasi ko‘rsatkichi sanaladi. Shu sababli, saylovlarni to‘g‘ri tashkil etish, jarayonlarda ochiqlik, shaffoflik va qonuniylikning taʼminlashda – kuzatuvchilar huquqlarini to‘laqonli taʼminlash – dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Anvarjon Mirkomilov
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi bo‘lim boshlig‘i


