Joriy yilning 9 iyul kuni mamlakatimiz hayotidagi muhim siyosiy voqea – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tadi.
Prezidentlik saylovini umumeʼtirof etilgan xalqaro prinsip va standartlar asosida o‘tkazish uchun demokratik tarzda tashkil etilgan saylov komissiyalarining roli muhim ahamiyatga ega.
Aytish kerakki, saylov komissiyalari tizimiga kiruvchi uchastka saylov komissiyalari o‘z faoliyatini har qanday davlat organlaridan, jamoat birlashmalaridan va mansabdor shaxslardan mustaqil holda amalga oshiradi hamda ularning faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bunday aralashuv qonunga muvofiq, javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Uchastka saylov komissiyalari bevosita saylovchilar bilan bilan ishlaydi. Shu bois uchastka saylov komissiyalarining faoliyatini tashkil etishda qonunchilik va xalqaro saylov standartlariga rioya etilishiga qarab saylov jarayoniga baho berish mumkin.
Saylov kuni uchastkada ovoz berishni tashkil etish saylov jarayonining eng muhim bosqich hisoblanadi. Avvalo, saylov kuni ovoz berish binosi uchastka saylov komissiyasi aʼzolarining uchdan ikki qismi hozir bo‘lganda ochiladi. Mazkur tartibning joriy qilinishi mamalakatimizda saylovlarning shaffof va adolatli o‘tishini taʼminlash, shuningdek, saylovlarni tashkil qilish hamda o‘tkazishda qonunchilik normalariga to‘liq amal qilishni taʼminlashdan iboratdir.
Ovoz berishni tashkil etish uchun uchastka saylov komissiyasi javobgardir. Saylov kodeksining 54-moddasida saylov kuni uchastka saylov komissiyasi amalga oshiradigan vazifalar ketma-ketligi berilgan. Birinchi vazifa ovoz berish kuni saylov uchastkasida soat 8.00 da O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi yangraydi va saylov uchastkasi ochilganligi rasmiy eʼlon qilinadi.
Ikkinchi vazifa. USK aʼzolariga saylov byulletenlari dalolatnoma asosida topshiriladi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad — saylovchilarga yana-da qulayliklar yaratish, yaʼni byulletenlarni saylovchilarning familiyasi alifbo ketma-ketligida saylovchilar ro‘yxati asosida tartibli ravishda berish hisoblanadi.
Uchinchi vazifa. USK raisi ovoz berish boshlanganini eʼlon qiladi.
To‘rtinchi vazifa. Uchastka saylov komissiyasining raisi komissiya aʼzolari kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari hozirligida saylov qutilarining bo‘shligini tekshiradi va ularni bir marotaba ishlatiladigan plastmassa plombalar bilan plombalaydi, plombalar raqami ko‘rsatilgan holda dalolatnoma tuziladi.
Beshinchi vazifa. Uchastka saylov komissiyasining raisi komissiya aʼzolari, kuzatuvchilar, OAV hozirligida saylov uchastkasidagi saylovchilar soni, okrug saylov komissiyasidan olingan saylov byulletenlarining soni va muddatidan oldin ovoz berganlar sonini maʼlum qiladi.
Oltinchi vazifa. USK raisi, rais o‘rinbosari yoki kotibi tomonidan ovoz berish boshlanganligi haqida aloqa vositalari orqali okrug saylov komissiyasiga xabar beriladi.
Yettinchi vazifa. Saylovchilarga takdim etilgan saylov byulletenlari sonining hisobi har soatda yuritib boriladi.
Ovoz berish kuni uchastka saylov komissiyalari aʼzolariga Ovoz berish uchun kelgan saylovchilar o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjat taqdim etadi. So‘ngra Saylovchi ro‘yxatga imzo qo‘yadi va unga saylov byulleteni beriladi. Mabodo ovoz beruvchi saylov byulletenini buzib qo‘ysa, saylovchining iltimosiga ko‘ra, yangisiga almashtirilishi mumkin. Buzib qo‘yilgan saylov byulletenlari hisobga olinishi, ovozlarni sanab chiqish jarayonida (yuqori chap burchagini kesish yoki saylov byulletenining orqa tomonida tegishli belgi qo‘yish yo‘li bilan) bekor qilinadi va alohida saqlanishi lozim.
Saylovchining turgan joyida ovoz berishi uchastka saylov komissiyalari tomonidan tashkil etiladi. Sog‘lig‘ining holatiga yoki boshqa sabablarga ko‘ra, ovoz berish binosiga kela olmagan saylovchilar saylov huquqidan foydalanishi uchun zarur sharoit yaratiladi. Tegishli USKning kamida ikki nafar aʼzosi ko‘chma saylov qutisi bilan saylovchining turgan joyiga yuboriladi, yashirin saylov huquqi prinsipiga rioya qilgan holda saylovchining ovoz berishini taʼminlaydi.
Bekzod Narimanov,
Toshkent davlat yuridik universiteti bo‘limi boshlig‘i, yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent


