Saylovoldi tashviqoti bu – caylov jarayonining eng muhim, masʼuliyatli bosqichlaridan biri hisoblanadi. Millionlab saylovchilar aynan shu bosqichda nomzodlar saylovoldi dasturi bilan tanishadi, ularning qizg‘in bahs-munozarasiga guvoh bo‘lishadi. Tashviqot davomida nomzodlar, ularning ishonchli vakillari, siyosiy partiyalar har bir saylovchining ovozi uchun o‘zaro raqobatlashadi.
Xo‘sh, mazkur muhim jarayonda imkoniyatlar tengligi qanday tartibda taʼminlanadi?
Avvalo aytib o‘tishim joizki, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va saylov qonunchiligimizda ham xalqaro huquqiy saylovlarning tenglik prinsipi xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan demokratik prinsipi sifatida o‘z ifodasini topgan.
Teng saylov huquqini taʼminlash har bir saylovchining bir ovozga ega ekani yoxud siyosiy partiyalarga bir xil imkoniyatlar yaratilganligi bilan amalga oshiriladi.
Saylovoldi tashviqoti nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan eʼtiboran boshlanishi, yaʼni nomzodlar saylovoldi tashviqotini bir vaqtda boshlashining taʼminlanishi teng saylov huquqi prinsipining yorqin isbotidir.
Prezidentlikka nomzodlarning caylovoldi tashviqotini olib borishida quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha teng sharoitlar taʼminlanadi:
1. davlat ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda hajmiga ko‘ra, bir xil bo‘lgan efir vaqtini va nashr maydonini bepul berish.
2. Nomzodlar va siyosiy partiyalarga bosma, ko‘rgazmali, audiovizual materiallarni, fonogrammalarni, bosma mahsulotning elektron shakllarini va boshqa tashviqot materiallarini moneliksiz chiqarish hamda tarqatish.
3. Nomzodlarga va siyosiy partiyalarga saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish.
Davlat ommaviy axborot vositalarida haq evaziga ham efir vaqti yoki nashr maydoni ajratilishi mumkin. Bundan tashqari nodavlat ommaviy axborot vositalarida qonun hujjatlariga muvofiq efir vaqti yoki nashr maydoni ajratilishi mumkin.
Ommaviy axborot vositalari tomonidan efir vaqti, nashr maydoni uchun belgilanadigan haq to‘lash shartlari hamda boshqa talablar barcha uchun teng va bir xil bo‘lishi kerak.
Tashviqot maqsadida ommaviy axborot vositalaridan bepul foydalanish tartibi, hajmi va vaqti barcha siyosiy partiyalarning fikrini inobatga olgan holda tegishli saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.
Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jamoat birlashmalari, shuningdek, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari barcha nomzodlarga va siyosiy partiyalarga tenglik prinsipi asosida uchrashuvlar o‘tkazish uchun jihozlangan xonalarni bepul ajratishi, zarur maʼlumot va axborot materiallarini olishda yordam ko‘rsatishi shart.
Bekzod Narimanov,
Toshkent davlat yuridik universiteti bo‘lim boshlig‘i, dotsent


