Yalpi majlisda ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan qonunlarning ayrimlari senatorlar tomonidan maʼqullanib, baʼzilari rad etilmoqda. Unga ko‘ra, “Davlat qarzi to‘g‘risida”gi Qonun maʼqullandi.
“Qonun haqiqatdan ham mamlakatimiz rivojining bugungi bosqichida nihoyatda muhim ahamiyatga ega. Ko‘zlangan maqsadlarga erishishda ichki imkoniyatlar bilan bir qatorda tashqaridan ham moliyaviy resurslarni jalb qilish butun dunyo davlatlarida keng tarqalgan tajriba hisoblanadi. Yuqorida Prezidentimizning so‘zlari keltirildi – “tashqi qarz hammaga ham berilavermaydi, buning uchun mamlakatning tashqi dunyodagi nufuzi va unga nisbatan ishonch bo‘lishi kerak”.
O‘zbekiston xalqaro hamjamiyat ko‘z o‘ngida islohotlarga intiluvchi davlat, ishonchli hamkor sifatida namoyon bo‘lmoqda. Biroq, shunday bo‘lsada, har sohada aniq hisob-kitob va tabiiyki mustahkam huquqiy asos bo‘lishi kerak. Shu maʼnoda, “Davlat qarzi to‘g‘risida”gi Qonun ushbu yo‘nalishdagi ishlarimizning to‘g‘ri, haqqoniy, manfaatli va albatta ochiq, shaffof bo‘lishiga xizmat qiladi. Qonunda davlat qarzini boshqarish bo‘yicha parlament vakolatlari ham belgilanyapti.
Qonun qabul qilinganidan keyin uning ijrosi bilan bog‘liq tadbirlarni monitoring qilib borishishimiz kerak”, – deydi Senat raisi.
Xususan, yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi hamda “O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunlar rad etildi.


