“O‘zbekneftgaz” 2025-yil sentyabr oyidan boshlab Ai-80 markali avtobenzinni ishlab chiqarishni to‘liq to‘xtatishni rejalashtirgan. Kompaniya 2026-yildan boshlab faqat yuqori oktanli Ai-92 va Ai-95 benzinlari ishlab chiqarishga o‘tishni maqsad qilgan.
Bu qaror “O‘zbekiston–2030” strategiyasining “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot” yili doirasida qabul qilingan Prezident farmoni asosida amalga oshirilmoqda. 2024-yil boshida Energetika vazirligi ham Ai-80 benzinidan bosqichma-bosqich voz kechilishini ma’lum qilgandi. Qirg‘iziston va Tojikiston kabi mamlakatlarda bu benzin turi allaqachon taqiqlangan.
Buxoro va Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodlari orqali Ai-80 benzinining o‘rnini yuqori sifatli yonilg‘i bosib oladi. Buxoro NQIZda prisadka yordamida Ai-92 benzinining seriyali ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yiladi. Shu tariqa, kompaniya ishlab chiqarish tannarxini pasaytirish hamda ekologik talablarga mos yonilg‘i ishlab chiqarishni maqsad qilgan.
2025-yilda jami 1 million 30 ming tonna benzin ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 487 ming tonnasi Ai-80 va 543 ming tonnasi Ai-92+ bo‘ladi. Sentyabr oyidan boshlab esa faqat yuqori oktanli benzin ishlab chiqariladi. Shu tariqa, Ai-80 markali benzin zaxiralari 2025-yil oxirigacha to‘liq tugatiladi.


